Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
06 Oct, 2025 - 15:06
219
Tayinlov
Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
Samarqand viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov hamda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov boshchiligida madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda boshqarmaning markaziy apparati xodimlari hamda boshqarma tasarrufidagi barcha tashkilot rahbarlari qatnashdi.
Tadbir davomida Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Botir Tugalov Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani e’lon qilinib, jamoaga tanishtirildi.
Bahodir Ahmedov yig‘ilishda Samarqand viloyatida madaniy-ma’rifiy faoliyatni yanada takomillashtirish, milliy san’atimizni keng targ‘ib etish hamda yirik ijodiy loyihalarni tizimli amalga oshirish bo‘yicha muhim topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Botir Tugalov tayinlovga qadar Madaniyat vazirligi tizimidagi turli muassasalarda samarali faoliyat yuritgan. U avval Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri direktori hamda Samarqand viloyati musiqali drama teatri direktori lavozimlarida ishlagan.
U o‘zining uzoq yillik mehnati, xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi hissasi hamda san’at va madaniyat sohasidagi xizmatlari uchun quyidagi yuksak mukofot va faxriy unvonlar bilan taqdirlangan:
• Qozog‘iston Respublikasi “Do‘stlik” ordeni;
• “Shuhrat” medali;
• “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” ko‘krak nishoni;
• “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni;
• O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni;
• Chingiz Aytmatov nomidagi “Xalqaro oltin medal”;
• “E’tirof-2022” respublika tanlovining “Xalqaro aloqalar tashabbuskori” yo‘nalishi bo‘yicha “Yil rahbari” nominatsiyasi.
Mazkur tayinlov Botir Tugalovning san’at va madaniyat sohasidagi ko‘p yillik tajribasi, tashabbuskorligi, tashkilotchilik salohiyati va ijodiy qarashlariga bildirilgan ishonchning yorqin ifodasidir.