Samarqand viloyati Maqom ansambli Yaponiyada O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilmoqda
25 Jul, 2025 - 10:36
79
Xalqaro_hamkorlik
SAMARQAND MADANIYATI “OSAKA EXPO-2025” KO‘RGAZMASIDA TARG‘IB QILINMOQDA
Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Osaka EXPO-2025” Butunjahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston milliy paviloni o‘z faoliyatini olib bormoqda. Unda yurtimizning asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosi keng jamoatchilikka namoyish etilmoqda.
Mazkur pavilonda Samarqand viloyatining betakror madaniyati, tarixiy qadriyatlari hamda sayyohlik salohiyati keng targ‘ib qilinmoqda. Ayniqsa, Samarqand viloyati Maqom ansambli jamoasi o‘z chiqishlari bilan ko‘rgazma mehmonlariga milliy maqom san’atining nozik jihatlarini namoyon etib, yurtimiz musiqiy merosining boyligini yorqin tarzda aks ettirmoqda.
Ko‘rgazma ishtirokchilari O‘zbekistonning milliy musiqa san’ati, xalq amaliy san’ati va boshqa madaniy jihatlari bilan yaqindan tanishib, mamlakatimiz haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘lmoqdalar.
Shuningdek, Yaponiyaning Nara prefekturasi va Samarqand viloyati o‘rtasidagi madaniy hamkorlik doirasida har ikki hududga xos madaniy meros namunalari aks ettirilgan maxsus ko‘rgazma ham tashkil etildi. Ushbu tashabbus xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.