"Matonat" — g‘alaba ruhi va xalqimiz jasoratiga bag‘ishlangan sahna asari
08 May, 2025 - 19:13
45
#Premyera #Yangi_spektakl
Samarqand viloyati musiqali drama teatrida II Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlab yozilgan, taniqli dramaturg Ra’no Odilova qalamiga mansub va rejissyor Shuhrat Sanaqulov tomonidan sahnalashtirilgan “Matonat” spektaklining ko‘ngilga o‘chmas iz qoldirgan premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Asarda urush yillarining mudhish manzaralari, xalqimiz boshidan kechirgan iztiroblar va matonatli kurash hayotiy lavhalar orqali jonli va ta’sirchan tarzda sahnaga olib chiqildi. Minglab oilalarni dardu hasratga g‘arq etgan judolik, ona yurtdan kechgan fidoyilik, yuraklardan joy olgan sabr-toqat va yuksak iroda timsoli bu spektaklda chuqur badiiy va ruhiy ifoda topgan. Har bir sahna — yuraklarga o‘t soluvchi xotira, har bir dialog — ko‘zga yosh, yurakka g‘urur bag‘ishlaydi.
“Matonat” sahna asari — bu ota-bobolarimiz jasoratiga, ularning mashaqqatli yo‘li bilan bunyod etilgan bugungi tinch va osuda hayotimizga yuksak hurmat va cheksiz minnatdorchilik ramzidir. Chunki xotira aziz, qadr esa muqaddasdir! Bu asar qalblarda faxr uyg‘otadi, g‘ururimizni charxlaydi va tinchlikning bebaho ne’mat ekanini yana bir bor eslatadi.