“Ochiq eshiklar kuni” — madaniyat sari yangi ufqlar
10 Apr, 2025 - 18:06
16
Ochiq eshiklar kuni
Narpay tumani madaniyat bo‘limiga qarashli 37-sonli Gulshan madaniyat markazida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga markaz faoliyati, ijodiy to‘garaklar va mavjud imkoniyatlar keng tanishtirildi. Ayni paytda mazkur markaz yoshlar va mahalla aholisiga madaniy-ma’rifiy xizmatlar ko‘rsatishda muhim o‘rin tutmoqda.
Xususan, musiqa, raqs, teatr hamda tasviriy san’at yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan to‘garaklar yoshlarga o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon etish imkonini bermoqda.
Shuningdek, markaz zamonaviy texnik vositalar, musiqa asboblari, sahna jihozlari hamda boy kitob fondiga ega kutubxona bilan jihozlangan.
Tadbir doirasida yoshlar tomonidan sahna chiqishlari, ijodiy ko‘rgazmalar hamda interaktiv mashg‘ulotlar namoyish etilib, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Gulshan madaniyat markazi – bu nafaqat madaniyat maskani, balki yosh avlodni tarbiyalash, iste’dodlarni kashf etish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim maydondir.