Samarqand-Shensi: madaniyat va turizm hamkorlik istiqbollari
30 Mar, 2025 - 17:40
11
Xalqaro_hamkorlik
Samarqand viloyati delegatsiyasining Sian shahriga tashrifi doirasida turizm va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, tashrifning ikkinchi kunida "Silk Road Paradise" istirohat bog‘ida Samarqand viloyatining turizm salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazma o‘tkazildi. Tadbir davomida mehmonlar viloyatning qadimiy yodgorliklari, milliy hunarmandchiligi va gastronomik an’analari bilan yaqindan tanishishdi.
Shuningdek, Samarqand va Sian o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, "Silk Road Paradise" istirohat bog‘ida Samarqand san’atkorlari ishtirokida doimiy madaniy dasturlar tashkil etish, xalqaro festival va tanlovlar o‘tkazish rejalashtirildi. Bundan tashqari, "Voice Uzbekistan" musiqiy tanlovini Xitoyda o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Mazkur tashrif Samarqand va Sian o‘rtasida madaniyat va turizm yo‘nalishida mustahkam ko‘prik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu esa ikki hudud o‘rtasidagi sayyohlik oqimini oshirish bilan birga, madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga turtki beradi.