Samarqand va Sian o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi
30 Mar, 2025 - 17:56
8
Xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, ayniqsa, turizm va iqtisodiyot sohalarida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortib bormoqda. Shu bilan birga, sayyohlik aloqalari ham jadal rivojlanmoqda – Xitoylik sayyohlar O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va madaniy yodgorliklariga katta qiziqish bildirishmoqda.
Mazkur aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida 2025-yil 26-30 mart kunlari Samarqand viloyati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi markazi – Sian shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Tashrif davomida Samarqand viloyatining turizm salohiyatini targ‘ib qilish, xitoylik sayyohlar oqimini oshirish hamda Navro‘z bayramini keng nishonlash bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Delegatsiya tarkibida viloyatda faoliyat yuritayotgan turizm va madaniyat sohasi vakillari ham ishtirok etishmoqda.
Tashrifning ilk kunida Samarqand delegatsiyasi va “Shaanxi Tourism Group” rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida turizm va madaniyat sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasining turistik imkoniyatlari taqdim etildi. Uchrashuv so'ngida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.