MEN VATANNI KUYLAYMAN
08 Jul, 2025 - 09:26
110
Tanlov
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIKINING 34 YILLIGI MUNOSABATI BILAN TASHKIL ETILADIGAN “MEN VATANNI KUYLAYMAN” NOMLI VILOYAT KO‘RIK-TANLOVI NIZOMI
I. UMUMIY QOIDALAR
-
“Men vatanni kuylayman” ko‘rik-tanlovi viloyatimiz san’atkorlarining jamiyatimiz ma’naviy hayotini yuksaltirishdagi muhim o‘rnini inobatga olib, o‘zining xonandalik ijrochiligi san’ati sohasidagi mahorati bilan odamlarning yuragiga yetib boradigan, ezgulikka chorlaydigan, ularni ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan, yoshlarni vatanparvarlikka undovchi asarlar yaratishda faollik ko‘rsatayotgan yangi ovozlarni aniqlash hamda rag‘batlantirib borish, mustaqillikni, Vatanni madh etuvchi va 34 yil davomida erishilgan yutuqlarni o‘zida aks ettirgan yangi qo‘shiqlarni aniqlash maqsadida tashkil etiladi.
-
Nomzodlar ikki nominatsiya – milliy estrada va an’anaviy xonandalik ijrochiligi bo‘yicha saralanadi. Tanlov ishtirokchilari 15 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lishi shart.
-
Tanlovda ishtirok etadigan ijrochilar 7 nafar hay’at a’zolari ishtirokida maxsus sinovdan o‘tkaziladi.
-
Ishtirokchi iste’dodi va ijro madaniyatining o‘ziga xosligi, badiiy mahorati va saviyasi, milliy san’atimizning yuksak namunalari bilan tanishligi bilan ajralib turishi, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, mustaqillik g‘oyalarini, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy islohotlar mohiyatini qo‘shiqlar vositasida targ‘ib etishga xizmat qilishi lozim.
-
Tavsiya etilayotgan qo‘shiqlarni tinglashda ishtirokchining tayyorgarligi, badiiy ijrochilik mahorati, repertuar saviyasi (musiqa va matn) yetakchi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqiladi.
II. TANLOVNI O‘TKAZISH BOSQICHLARI
-
Tanlov bir bosqichda, joriy yilning 25–26-iyul kunlari, Samarqand shahri Nurafshon madaniyat saroyi zalida bo‘lib o‘tadi.
-
Tanlovda viloyatning barcha shahar va tumanlarida istiqomat qilayotgan professional va havaskor qo‘shiqchilar qatnashishlari mumkin. Tanlovga taqdim qilinayotgan qo‘shiqlar jonli ijroda namoyish etilishi shart, musiqasi minus bo‘lishi mumkin. Tanlovga tavsiya etilayotgan asarlar ilgari boshqa xonandalar tomonidan ijro etilmagan va har tomonlama mukammal qo‘shiqlar bo‘lishi lozim.
III. KO‘RIK-TANLOVDA ISHTIROK ETISH SHARTLARI, HUJJATLARNI TAQDIM ETISH VA RASMIYLASHTIRISH TARTIBI
-
Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan xonandalar 2025-yil 20-iyul kuniga qadar Madaniyat boshqarmasida tashkil etilgan Tashkiliy-ijodiy ishchi guruhga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
-
Nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
-
Ijro etiladigan qo‘shiq matni;
-
Nomzodning tarjimai holi;
-
4 dona fotosurat (2 dona 3x4, 2 dona ijodiy jarayondagi surat);
-
Tanlovlarda qatnashganligi haqidagi diplom yoki sertifikat nusxasi (agar mavjud bo‘lsa).
-
Talabgorlardan hujjatlar yuqorida ko‘rsatilgan tartibda va belgilangan muddatda qabul qilinadi.
IV. KO‘RIK-TANLOV ISHTIROKCHILARINI BAHOLASH VA G‘OLIBLARNI TAQDIRLASH
-
Ko‘rik-tanlovda ishtirokchilarning chiqishlari ularning ijro etayotgan dasturlarining mustaqillikni targ‘ib qilishga qaratilganligi, g‘oyaviy-badiiy yuksakligi, ijro mahorati, ovoz va sozlarning uyg‘unligi, asarda janr xususiyatlari, ovoz ishlatish mahorati, sahna madaniyati, kiyinish madaniyati va sahnadagi o‘zini tutishiga qarab baholanadi.
-
Ishtirokchilarning ijro mahorati hay’at a’zolari tomonidan 10 ballik tizim asosida baholanadi.
-
Ko‘rik-tanlovda umumiy ball natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar ishtirokchi hay’at qaroriga ko‘ra g‘olib deb topiladi va diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. G‘oliblar viloyat mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etadilar.
-
Tashkiliy-ijodiy guruh va hay’at a’zolari ekspertlar takliflariga ko‘ra, g‘oliblardan tashqari boshqa ishtirokchilarga yo‘nalishlar bo‘yicha diplomlar berilishi mumkin. Ular ham bayram tantanalarida ishtirok etishlari tavsiya etiladi.
-
Hay’at tomonidan ishtirokchilarga qo‘yilgan ballar teng bo‘lib qolgan taqdirda, ekspertlar guruhi bilan kelishilgan holda hay’at raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Tanlov yakuniy natijalari hay’at qarori bilan rasmiylashtiriladi.
V. YAKUNLOVCHI QOIDA
-
Tanlovni o‘tkazish jarayonida kelib chiqadigan nizolar amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.